Endilikda mehmonxona xodimlari malakasini oshirish markazlari tashkil etiladi
Toshkent shahrida Turizm va mehmondo‘stlik konfederatsiyasi (Buyuk Britaniya) hamkorlik aloqalari bo‘yicha direktori Saymon Kliver bilan birgalikda “Turizm va mehmondo‘stlik ta’limidagi xalqaro standartlar, turizmning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekistonda turizm sifatini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, kadrlarimizni ilg‘or chet el dasturlari orqali o‘qitishimiz zarur. Yildan yilga turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati oshib bormoqda. Lekin ba’zi bir hududlarda mehmonxonalar yangi bo‘lgani sababli hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, kamchiliklar ham yetarli. Hozirda Turizm qo‘mitasiga 12 ta kasb-hunar kollejlari biriktirilgan bo‘lib, ana o‘sha yerda biz mehmonxona ishchi xodimlarini malakasini oshirish va ularni o‘qitish ishlarini amalga oshiramiz.
Hozirda kelayotgan turistlarni faqatgina yotoqjoy va ertalabki nonushta bilan ta’minlayapmiz. Uning tushlik va kechki ovqati haqida ham o‘ylashimiz kerak va kafe va restoranlardagi xizmat sifatini yaxshilashimiz kerak” deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Anvar Allaberganov.